Litsey yangiliklari

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Akademik litsey o’quvchilari ishtirokida 2020-yil 21-oktyabr kuni bo’lib o’tgan “O’zbek tili bayrami” tadbiri

Butun yurtimiz bo’ylab O’zbek tili bayrami keng nishonlandi. Jumladan, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida 21-oktyabr – O’zbek tili bayrami munosabati bilan turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarning vakillari, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat fidoyilari, o’qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirokida bayram tadbirlari bo’lib o’tdi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi ham mazkur shukuhli tadbirda ishtirok etib, Alisher Navoiy hamda Muhammad Aminxo’ja Mirzaxo’ja o’g’li Muqimiy haykali poyiga gullar qo’ydilar.

 

Adiblar xiyoboni adabiyot, ma’rifat va madaniyat maskaniga aylantirilib, mazkur maskanda qad rostlagan har bir adib haykali muayyan oliy o’quv yurtiga biriktirib berilgan. Shundan kelib chiqib, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan Muhammad Aminxo’ja Mirzaxo’ja o’g’li ijodi va ibratli hayot yo’lini keng jamoatchilikka etkazish maqsadida bu erda ochiq darslar, turli ma’rifiy tadbirlar o’tkazib kelinayapti.

Tashkil etilgan bayram tadbirida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo’ng’irotboy Sharipov, O’zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi o’zbek davlat musiqali drama teatri direktori Mirza Azizov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisining birinchi o’rinbosari Muhammadjon Quronov va boshqalar mamlakatimizda ona tilimizning nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish borasidagi ezgu tashabbuslar, ulug’ ajdodlarimizning ibratli hayoti va ijodini o’rganishning ahamiyati haqida so’z yuritdilar. Uchinchi Renessans davriga qadam qo’yish pallasida o’zbek tilining o’rni va ahamiyati xususida fikr bildirdilar. Muqimiy ijodini o’rganish va targ’ib qilish borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida gapirib berdilar.

Tadbir davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Akademik litsey o’quvchilari, universitet talabalari tomonidan adiblarimiz, jumladan Muqimiy asarlari asosida chiqishlar amalga oshirdilar, she’rlar ijro qilib, qo’shiqlar kuyladilar. Ta’lim dargohimizda tahsil olayotgan xorijiy tilli o’quvchi va talabalarning chiqishlari yig’ilganlar olqishiga sazovor bo’ldi.

Tadbirga O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshchiligidagi ijodkorlarning tashrif buyurishi yig’ilganlarga o’zgacha kayfiyat ulashdi.

O’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yakunida faol ishtirok etgan professor-o’qituvchilar, talaba va o’quvchilar kitoblar hamda Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.